ATTO kompaniyasi 2026-yil 19–21-oktabr kunlari Janubiy Afrika Respublikasining Keyptaun shahrida bo‘lib o‘tgan O-CITY Conference 2026: Next is ONE konferensiyasida MaaS Excellence Award mukofotiga sazovor bo‘ldi.
Shveytsariyaning BPC AG kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Yevropa, Osiyo, Afrika, Shimoliy va Janubiy Amerika hamda MDH mamlakatlaridan mahalliy hokimiyat organlari, transport idoralari, jamoat transporti operatorlari, texnologik kompaniyalar vakillari va shahar mobilligi sohasidagi ekspertlar ishtirok etdi.
MaaS Excellence Award mukofoti Mobility as a Service (MaaS) konsepsiyasini rivojlantirishdagi yutuqlar uchun beriladi. Ushbu konsepsiya turli transport turlari va ular bilan bog‘liq xizmatlarni yagona raqamli platformada birlashtirishni nazarda tutadi. Bu esa foydalanuvchilarga zarur xizmatlardan yagona tizim orqali foydalanish imkonini beradi.
ATTO mazkur yo‘nalishni izchil rivojlantirib, o‘z to‘lov texnologiyalarini jamoat transportidan tashqari sohalarda ham keng joriy etmoqda. Yo‘l haqini to‘lash bilan bir qatorda, kompaniya avtoturargohlar, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish avtomobil yuvish shoxobchalari va ko‘ngilochar bog‘larda naqd pulsiz to‘lovlarni amalga oshirish, shuningdek, savdo avtomatlari orqali xaridlar uchun to‘lash imkonini beruvchi yechimlarni joriy etmoqda.
Shu tariqa ATTO infratuzilmasi orqali foydalanish mumkin bo‘lgan shahar xizmatlari ko‘lami bosqichma-bosqich kengaymoqda.
Bunday yondashuv ATTO faoliyatini an’anaviy transport to‘lov tizimi doirasidan tashqariga olib chiqib, tobora ko‘proq shahar xizmatlarini birlashtirish hamda yagona raqamli ekotizimni yanada rivojlantirish uchun asos yaratmoqda.
MaaS Excellence Award mukofotining qo‘lga kiritilishi ATTO uchun xalqaro miqyosdagi muhim yutuq bo‘lib, kompaniya amalga oshirayotgan loyihalar hamda O‘zbekistonda zamonaviy to‘lov yechimlarini rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi e’tirof etilganini tasdiqlaydi.