...

Jamoat transportida yo'l haqi uchun avtomatlashtirilgan to'lov  tizimi operatori – "ATTO" kompaniyasi Toshkent shahri transport boshqarmasi bilan hamkorlikda yo'l haqi uchun "ATTO" mobil ilovasida yaratiladigan virtual kartadan foydalangan holda to'lov qilishning yangi usulini ishga tushirdi. Ta'kidlash joizki, "ATTO" elektron tizimida virtual transport kartasi jismoniy transport kartasiga tenglashtiriladi.

Virtual kartaning asosiy afzalligi – bu uni mobil ilovada bepul yaratish, shuningdek, metropoliten kassalarida va transport kartalarini sotish shoxobchalarida jismoniy transport kartasini sotib olish majburiy emasligidir. Jamoat transporti yo'lovchilarida "smartfonlar" bo'lsa kifoya.
Joriy qilishning boshlang'ich davrida, ya'ni 2022-yil 20-avgustdan 1-oktyabrgacha bo'lgan davr mobaynida "ATTO" mobil ilovasi foydalanuvchilari tomonidan 5,8 mingta virtual kartalar faollashtirildi va ular orqali 6545 ta tranzaksiya amalga oshirilgan bo'lib,  to'lovlarning 75% ulushi metropolitenga,  25% ulushi esa avtobuslarga to'g'ri kelmoqda. Ushbu davrda "ATTO" virtual kartalarini hisobini to'ldirish miqdori esa 20 million so'mdan ziyodni tashkil etmoqda.

Shuni ta'kidlash kerakki, hozirda Toshkent shahar jamoat transporti yo'lovchilari yo'l haqini nafaqat "ATTO" transport kartalari va bir martalik QR chiptalar bilan, balki "Humo", "Uzcard", "Visa", "Master Card", "UPI", "МИР" to'lov tizimlarining bank kartalari orqali ham to'lovlarni amalaga oshirishlari mumkin. Ushbu kartalar orqali to'lovlarning jadal o'sishi kuzatilayotgan bo'lib, bu 2022-yilning 9 oyi davomida o'tgan yilning shu davriga nisbatan 269% o'sishni tashkil etdi.